⚡️ OMONAT KIBERXAVFSIZLIK: XAVF OSHAYAPTI, HIMOYA ESA YETARLI EMAS
- Наргис Косимова
- Dec 15, 2025
- 2 min read

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kiberxavfsizlik bilan bog‘liq jinoyatlar nafaqat ko‘paydi, balki jamiyat va iqtisodiyot uchun jiddiy tahdidga aylandi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi besh yil ichida kiberjinoyatlar soni 68 barobarga oshgan. Agar 2019 yilda 863 ta kiberjinoyat qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 58 800 taga yetgan.
2024 yilda mamlakat bo‘yicha jami 132 298 ta jinoyat sodir etilgan. Har 10 ming aholiga to‘g‘ri keladigan jinoyatlar soni bir necha yil ichida 28,3 dan 35,6 gacha ko‘tarilgan. Eng xavotirli jihati — ushbu jinoyatlarning 44,4 foizi, ya’ni qariyb yarmi kiberjinoyatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Kiberjinoyatlarning mutlaq ko‘pchiligi — taxminan 98 foizi bank kartalari va onlayn to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilmoqda.
Xususan:
60 foiz holatlarda zararli havolalar (malicious links) yoki zararli dasturlar orqali qurilma va karta ustidan nazorat o‘rnatilgan;
16 foiz holatlarda SMS-kodlarni noqonuniy qo‘lga kiritish orqali mablag‘lar o‘g‘irlangan;
onlayn kreditlar rasmiylashtirish,
mobil ilovalar va kartalardan yashirincha foydalanish,
marketplace’lar orqali firibgarlik,
soxta tijorat saytlari orqali aldash holatlari keskin ko‘paygan.
Eng tashvishli jihatlardan biri — bu jarayon fonida hatto rasmiy davlat veb-resurslari va axborot tizimlari ham yetarlicha himoyalanmaganidir.
Jamoatchilikda kiberxavfsizlik va elektron xavfsizlik madaniyati hali to‘liq shakllanmagan. Hech kim O‘zbekiston fuqarolarini kiberjinoyatlardan to‘liq himoya qilib berishga kafolat bermaydi. Shu bilan birga, eng ko‘p uchrayotgan kiberhujumlardan sug‘urtalash mexanizmlari ham davlat darajasida joriy etilmagan.
To‘lov tizimlari, banklar va moliyaviy institutlar mijozlar ma’lumotlari hamda mablag‘larini yetarli darajada himoya qila olayapti, deb aytish qiyin. Albatta, respublika miqyosida hukumat va mas’ul idoralar tomonidan muayyan choralar ko‘rilmoqda:
— axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda,
— OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali tushuntiruvchi media-kontentlar tarqatilmoqda.
Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, bu choralar hozircha muammoni sezilarli darajada kamaytirganicha yo‘q. Aholining kiberogohligi pastligicha qolmoqda.
Shu sababli har bir fuqaro shubhalanishni, SMS-kodlarni hech kimga bermaslikni, shubhali sayt va ilovalardan voz kechishni oddiy ehtiyot chorasi emas, balki “kiber odob” sifatida qabul qilishi kerak. Bu qoidalarni bilish va ularga amal qilish — bugungi raqamli hayotda shaxsiy xavfsizlikning eng muhim shartidir.
Aks holda esa, kiberjinoyatchi uchun biz doimo oson o‘lja bo‘lib qolaveramiz.

