Bozorda «skelet-tovuqlar» yurgani aks etgan video rostmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda gavjum parranda bozorida go‘shti va terisi bo‘lmagan, faqat suyaklardan iborat tovuqlar harakatlanayotgani aks etgan video tarqaldi. Tasvirlarda skelet ko‘rinishidagi qushlar odamlar orasida yurib, atrofga qarayotgandek namoyon bo‘ladi. Videoning orqa fonida esa «koreyscha tovuq va uning jo‘jalari» mazmunidagi izoh eshitiladi.
G‘ayrioddiy lavha foydalanuvchilar orasida katta qiziqish uyg‘otib, uning haqiqiyligi yuzasidan turli savollarni keltirib chiqardi. Ayrimlar tasvirlarni hayrat bilan qabul qilgan bo‘lsa, boshqalar bunday hodisaning biologik jihatdan mumkinligiga shubha bildirdi.
Hukum: Yolg'on
Factchecker.uz tahririyati videotasvirni tahlil qilib, unda real voqelik emas, balki kompyuter grafikasi yordamida yaratilgan vizual effektlardan foydalanilganini aniqladi.
Qushlarning harakatlanishi murakkab biologik jarayon bo‘lib, bunda skelet, mushaklar, paylar, asab tizimi va boshqa organlar birgalikda ishlaydi. Suyaklarning o‘zi harakat hosil qilish xususiyatiga ega emas. Mushaklar bo‘g‘imlarni harakatga keltiradi, asab tizimi esa ushbu jarayonni boshqaradi. Shuningdek, organizmning normal faoliyati uchun qon aylanish va nafas olish tizimlari orqali kislorod hamda energiya yetkazib berilishi zarur.
Shu sababli faqat suyaklardan iborat, mushaklari va ichki a’zolari mavjud bo‘lmagan skeletning mustaqil yurishi, muvozanat saqlashi yoki atrofga qarashi biologik jihatdan imkonsiz.
Videoning vizual jihatlari ham uning sun’iy tarzda yaratilganini ko‘rsatadi. Xususan, skeletlarning yoritilishi, oyoqlari ostidagi soyalar va atrof-muhit bilan o‘zaro uyg‘unligi ayrim kadrlarda tabiiy ko‘rinmaydi. Obyektlarning kamera harakatiga mos joylashtirilishi esa 3D modellarni haqiqiy tasvir ustiga birlashtirish — kompoziting texnologiyasidan foydalanilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Bunday videolarni yaratishda CGI (Computer-Generated Imagery), ya’ni kompyuter yordamida yaratiladigan tasvirlar va 3D animatsiya texnologiyalaridan foydalaniladi. Ular orqali real hayotda mavjud bo‘lmagan obyektlar haqiqiy muhitda harakatlanayotgandek tasvirlanishi mumkin.
Ayniqsa, g‘ayrioddiy va hayratlanarli videolar ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaladi. Bunday kontentlar ko‘pincha foydalanuvchilarning e’tiborini jalb qilish, ko‘rishlar va obunachilar sonini oshirish maqsadida tayyorlanadi.
Xulosa qilib aytganda, bozor o‘rtasida harakatlanayotgan «skelet-tovuqlar» tasvirlangan video haqiqiy hodisa emas. Undagi skeletlar kompyuter grafikasi yordamida yaratilgan va real video tasviriga birlashtirilgan.
