Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Dunyo sadolari” xalqaro estrada san'ati festivaliga jahon yulduzlari tashrif buyurishi haqidagi xabarlar juda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ularda aytilishicha, festivalga hokimlik tomonidan taklif etilgan yulduzlarning to‘liq ro‘yxatini e'lon qilingan. Ularning ichida Psy, Modern Talking, Asher, Pitbull, Inna, Kamelia, Seeya, Era Istrefi, Sean Paul, Eminem, 50 cent, Tarkan, Nancy, Mustafa Sandal, Arash, Shohrux Xonlar bor.
Jurnalist Karimberdi Turamurodov o‘zining Feysbukdagi sahifasida yozishicha “Bu yulduzlarning eng kam haq oladigani 20.000 dollar bo‘lsa, eng ko‘p oladigani 2.500.000 (ikki yarim million!) dollar!
Demak, o‘rtacha hisoblaganda ham kelayotgan yulduzlarga to‘lanadigan gonorar 25 million dollar bo‘ladi. 5 million O‘zbekiston yulduzlariga, 5 million Markaziy Osiyo va sobiq sovet qo‘shiqchilariga berilsa, 35 million dollar, 10 million tashkiliy ishlarga ketsa, 5 millionlik "Putin somsa" va "Tanzil holva" ham yeyiladi, tabiiy! Xo‘o‘o‘sh, 50 million dollarni Andijon hokimi cho‘ntagidan to‘laydimi?
Byudjetdan to‘lasa, buncha pulni unga kim beradi?”. Ko‘plab bildirilgan fikrlar ichida jurnalist Anora Sodiqovaning quyidagi so‘zlari o‘quvchining diqqatini tortadi:
"YuNISEF tashkiloti yosh bolalarning yetarli miqdorda ovqatlanmasligi bilan bog‘liq masalalar tahliliga bag‘ishlangan hisobotini e'lon qildi. Bunday muammoga ega mamlakatlar 63 ta bo‘lib, ularning qatorida O‘zbekiston ham bor. Shunday ekan, buncha pulga o‘zbekistonlik nechta bola to‘yib ovqat yegan bo‘lardi?” O‘z navbatida festivalga tashrif buyurishi kutilayotgan san'atkorlarning har biri bitta tadbirda ishtirok etish uchun so‘raydigan narxini uzdiplomat.uz muxbiri o‘rganib chiqqan. Ularning eng qimmati 2 yarim million bo‘lsa, eng kam gonorar oladigani 20 ming dollardan iborat: EMINEM 2 500 000 $; Tarkan 150 000 $ ; Pitbull 300 000 $; 50 Cent 400 000 $; Camila Cabello 250 000 $; PSY 150 000 $; Sean Paul 100 000 $; Inna 20 000 €; Sia 300 000 $; Arash 25 000 €; Shohrux Xon 300 ming dollargacha pul so‘raydi.
“Fakt va fikr” kanalining admini “ Bu festival tashkilotchilariga "Hov, nima qilayapsan?" deydigan odam bormi O‘zbekistonda? "Kimdan so‘rab qilayapsan bu ishni?" deydigan mard bormi?
"To‘xtat xalq mulkini talon-taroj qilishni!" deya oladigan rahbar bormi Yangi O‘zbekistonda?! Yoki Yangi O‘zbekiston shunaqa bo‘ladi-yu, men tushunmayapmanmi?” (@faktvafikr2021) degan savollarni o‘rtaga tashlagan.
Factchecker.uz mazkur xabarlarning qanchalik haqiqatga yaqinligini tekshirib ko‘rishga qaror qildi. Jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan norozigarchilikka kuni -kecha Andijon viloyati hokimlik matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, yuqoridagi ro‘yxatdan Inna va Arash taklif etilgan. Shuningdek, yoshlar taklifiga asosan xonanda Jony ham festivalda ishtirok etadi.
Bundan tashqari, o‘zbek estradasining yulduzlari festivalga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Ushbu aytilganlardan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda joylangan xonandalar haqidagi matnli ro‘yxat, kelishuv mablag‘lari, marhum san'atkorlar haqidagi xabarlar hokimlik tomonidan tasdiqlangan yoki hokimlik taqdim etgan ma'lumotlar emas. Bu xabarlar kim tomonidan ishlab chiqilgani va qanday maqsadda havola etilgani hozircha noma'lum, deydi matbuot kotibi . Festivalga tayyorgarlik jarayonlari bilan jahon musiqasi ixlosmandlarini tanishtirib borish uchun tashkilotchilar tomonidan telegram messenjerida kanali ham tashkil etilgan.
OAV vakillarining barcha savollariga javob berish maqsadida festival' arafasida tadbir bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Factchecker.uz xulosasi: qisman rost
Comments