top of page

Toshkentni ilonlar egallayaptimi? Mutaxassislar vaziyatga oydinlik kiritdi

  • nqosimova2012
  • Jul 4
  • 2 min read

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkentni ilonlar bosib ketdimi?” degan sarlavha ostida tarqalgan video keng jamoatchilikda xavotir uyg‘otdi. Videoda muallif shahar miqyosida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilishlar sudralib yuruvchilarni o‘z uy-joylaridan haydab chiqarayotgani, ular esa boshpana va ovqat izlab insonlar yashaydigan hududlarga kirib borayotganini ta’kidlaydi. Shuningdek, u 2025-yilda hashorotlar ko‘paygani sabab ilonlar soni ham oshganini aytib o‘tgan.


Mazkur holat yuzasidan www.factchecker.uz sayti o'rganish olib bordi.


Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, aholidan xonadonlariga ilon kirib qolganligi yuzasidan hech qanday murojaat kelib tushmagan. Bu haqida boshqarma "OVOZA" informatsion dasturi muxbiri Dovudxon G‘ulomjonov “Poytaxtda odamlarning uylaridan ilonlar chiqayotgani rostmi?” sarlavhasi ostida tayyorlagan maxsus lavhada ma'lum qilishgan.


"May oyida bunday holatlar ayrim hollarda kuzatilgan, ammo bu fasllar almashinuvi, ya’ni bahordan yozga o‘tish davrida ilonlar faolroq bo‘lishi bilan bog‘liq", — deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Zuxriddin Qurbonov.

 

Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdurashid Sodiqovga ko‘ra, yaqinda Milliy bog‘da sayr qilayotgan fuqarolar ilonni ko‘rib hayratga tushgan. Ammo bu ilon zaharsiz bo‘lib, odamga hech qanday zarar yetkazmaydigan rang-barang chipor ilon bo‘lgan.


"Urbanizatsiya davrida ilonlar tabiiy yashash joylaridan siqib chiqarilmoqda, shu sababli ularni shaharda uchratish hollari ortib bormoqda," — deya ta’kidlaydi Sodiqov.

Toshkent hayvonot bog‘i xodimi Farxod Gayupovning aytishicha, shaharda uchrayotgan ilonlarning asosiy qismi — suv ilonlari bo‘lib, ular zararsiz va odamlarga hujum qilmaydi.

"Yoz fasli suv ilonlarining ko‘payadigan davri hisoblanadi. Ular asosan hashorotlar va kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Odamlarga hech qanday zarar yetkazmaydi", — deydi mutaxassis.

 

Hayvonot bog‘i direktor o‘rinbosari Akmal Qurbonov esa muammoning ildizi boshqa joyda ekanligini tushuntiradi:

"Ilonlar sichqon va kalamushlarni ovlash uchun kirib keladi. Kalamushlar esa mushuklar kamaygani sababli ko‘paygan. Agar shahar ko‘chalarida mushuklar bo‘lsa, ularga g‘amxo‘rlik qilinsa, ular sanitar rolini o‘ynab, kalamushlarni yo‘q qiladi. Natijada ilonlar ham shahar hududiga kirmaydi."

 

Shu kungacha rasmiy idoralarga odamlar uyi yoki hovlisiga ilon kirib ketgani haqida rasmiy shikoyatlar kelib tushmagan. Mutaxassislar bu holat tabiiy jarayon bo‘lib, vahima qilishga asos yo‘qligini ta’kidlamoqda.


Agar uyingizda yoki atrofda ilon ko‘rsangiz, Favqulodda vaziyatlar vazirligining 112 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.



 

bottom of page