“Vaqf” fondi rahbari o‘rinbosari etib tayinlangan Sardor Rahimxonning youtube’dagi sahifasiga "SARDORGA BO‘GMA ILON TASHLANDI. YETIMLAR XAVF OSTIDA QOLDI" sarlavhasi ostida video e’lon qilindi va yuklanganiga ko‘p bo‘lmasidan youtube’dan o‘chirib tashlandi.
Videoda muhtoj oilaga yordam berish maqsadida aholining e’tiborini tortish uchun, bo‘g‘ma piton ilonidan foydalanilgan. Muhtoj oilaning uyidan chiqqan ilon Sardorga tashlandi deb sarlavha qo‘yilgan. Ammo videoda ilon hech kimga tashlanmagan va zarar yetkazmagan.
O‘zbekistonda piton ilonlari tabiiy holda uchramaydi. Pitonlar odatda tropik va subtropik iqlim hududlarida, xususan Janubiy Osiyo mamlakatlarida yashaydi. O‘zbekiston keskin kontinental iqlimga ega bo‘lib, ilonlarning hajmi 1,5 metrdan oshmaydi. Gerpetolog Timur Abduraupovning fikriga ko‘ra, katta hajmdagi ilonlar O‘zbekiston hududida faqatgina qishgacha yashashi mumkin. sovuq tushishi bilan ular o‘ladi, chunki qishda ilonlar yer tagiga kirib qishlashadi. Katta hajmdagi ilonlar esa oddiy kislorod yetishmovchiligidan nobud bo‘lishlari mumkin.
Factchecker.uz holatga oydinlik kiritish uchun "Vaqf" xayriya jamoat fondiga bog‘lanishga urindi. Afsuski, xayriya fondining ijtimoiy tarmoqlarda aloqa uchun ko‘rsatilgan quyidagi +998951951610 telefon raqamlariga 2 kun davomida hech kim javob qaytarmadi. Keyin fond o‘rinbosarining Instagram tarmog‘idagi ko‘rsatilgan quyidagi +998951552222 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildik.
"Ilon bilan bog‘liq sahna haqiqatdan uyushtirilgan edi, ammo qayerdan olishganini va kimga qaytarib berishganini bilmayman. Sizlarga bizning operatorlarimiz albatta bog‘lanishadi", dedi qo‘ng‘irog‘imizga javob bergan yigit. Ammo 2-3 kun bo‘lsa-da bizga hech kim bog‘lanmadi va holatni izohlamadi. Biz o‘z surishtiruvlarimiz davomida ilon bilan bog‘lik video nega o‘chirilganiga qisman javob topdik. Fond rahbari o‘rinbosari o‘zining Instagram ijtimoiy tarmog‘ida "Oxirgi qo‘yilgan video ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgani bois o‘chirildi. To‘g‘ri tushunasiz degan umiddamiz", deya post joylagan.
O‘chirib tashlangan video ostidagi izohlarni o‘qir ekanmiz ko‘plar "ilonlarni o‘ldiringlar, bizni uydan ham chiqsa nima qilamiz?, bu ilonlar zaharlimi?, ilonlarga o‘lim" kabi izohlarni qoldirishganlariga guvoh bo‘ldik. Piton ilonlari O‘zbekistonda odatda faqat hayvonot bog‘lari, ekzotik hayvonlarni parvarishlash markazlari yoki uy hayvonlari sifatida ularni boqadigan shaxslarning xonadonlarida uchrashi mumkin. Ilonlarning ekotizimda va insonlar uchun foydasi ko‘p. Ilonlar sichqon, kalamush va boshqa kemiruvchilarni ovlaydi, bu esa ekinlarni himoya qilish va kemiruvchilar orqali tarqaladigan vabo kasalliklarning oldini olishga yordam beradi. Uyingizga uncha katta bo‘lmagan ilon kirsa, demak sizning hovlingizda sichqon va kalamushlar bor. Ilon ularni tutib, hovlingizdan o‘zi chiqib ketadi. Ba’zi ilonlar hasharotlar bilan oziqlanadi, bu esa ularning populyatsiyasini nazorat qilishda yordam beradi. Ilonlar oziq zanjirida muhim o‘rin tutadi, ular ovchi sifatida kichik hayvonlarni ovlaydi va o‘lja sifatida yirik yirtqichlar (masalan, qushlar, yirtqich sutemizuvchilar) uchun oziq-ovqat manbai hisoblanadi.
Fond rahbari o‘rinbosarining ushbu videosi ilonlar haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmagan aholi orasida qo‘rquv va shov-shuvlarni, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatni keltirib chiqarishga turki bo‘ldi. Aslida xayriya va saxovat chin dildan qilinsa, odamlarning o‘zi bu ehsoni ortida kim turganini bilib olishadi. O‘zbekistonda bunday turdagi ilonlarni aholi xonadonlarida uy hayvoni sifatida boqishni va O‘zbekiston hududida oldi-sotdi qilishni taqiqlash kerak. Ilonlar ekotizimning ajralmas qismi bo‘lib, ularni himoya qilish va asrash orqali tabiiy muvozanatni saqlashga yordam beramiz.
Biz esa “Vaqf” xayriya fondi rahbariyatidan ushbu holat yuzasidan munosabat kutib qolamiz.
Faktchecker.uz xulosasi: yolg‘on
Comments