Jizzaxda “Quturganlik” virusi tarqaldimi?
- nqosimova2012
- Jul 11
- 2 min read
2025-yil 7-aprel kuni Instagram tarmog‘ida Daqiqa.New_Uz sahifasida “Jizzaxda quturganlik virusi tarqaldi, bir bola vafot etdi” degan sarlavhali video e’lon qilindi. Qisqa muddatda keng tarqalgan ushbu video ko‘plab foydalanuvchilar orasida vahima uyg‘otdi.

Videoda aytilishicha, Jizzax shahrida yashovchi 8-sinf o‘quvchisini maktabdan qaytayotganida quturgan it tishlab olgan. Bola bu holatni ota-onasidan besh kun davomida yashirgan. Oqibatda infeksiya tanasida tarqalib, u o‘z vaqtida tibbiy yordam ololmagan va vafot etgan. Video muallifi, shuningdek, “Rabies” virusi dastlab 2020-yilda Hindistonda aniqlangani, u hayvonlarning tirnashi yoki tishlashi orqali yuqishi va atigi bir hafta ichida miya hujayralarini falaj qilishi mumkinligini bildirgan.
Ammo bu ma’lumotlar qanchalik to‘g‘ri? Rasmiy idoralar bunday holatni tasdiqladimi? Yoki bu navbatdagi “sarlavha bilan clickbait”mi?
Tarqalgan video yuzasidan factcheker.uz tahririyati zudlik bilan surishtiruv olib bordi. Jumladan Jizzax viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi, “Daqiqa.New_uz” sahifasi vakillari bilan bog‘lanildi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi Jizzax viloyat boshqarmasi quyidagi rasmiy bayonot berdi:
"Viloyatda 8-sinf o‘quvchisi quturganlik virusi oqibatida vafot etgani haqidagi ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. So‘nggi 6 yil ichida viloyatimizda insonlar orasida quturganlik bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Bugungi kunda viloyatda epizootik va epidemiologik holat barqaror."

Bu esa tarqalgan xabarning rasmiylar tomonidan inkor etilganini bildiradi.
Daqiqa.New_uz sahifasi vakillari bilan bog‘langan factcheker.uz jurnalistlariga ular quyidagicha javob berishgan:
"Tarqatilgan xabar bizga anonim manbadan yetib kelgan. Afsuski, bu voqea bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy hujjat yoki dalillar yo‘q. Biz bu ma’lumotni to‘liq tasdiqlay olmaymiz."
Bu esa, video bloger tomonidan tayyorlangan material yetarli tekshirilmaganini va bu holat ijtimoiy tarmoqdagi noto‘g‘ri yoki shubhali ma’lumotlar qanday qilib tez tarqalishi mumkinligini yana bir bor isbotlaydi.


“Rabies” — quturganlik virusi, hayvonlardan odamlarga yuqadigan o‘ta xavfli infeksion kasallik hisoblanadi. Odatda yovvoyi hayvonlar yoki bemor uy hayvonlari chaqqanida, tirnaganida yoki og‘iz suyuqligi orqali yuqadi. Vaqtida oldini olish mumkin, ammo virus organizmda rivojlanib bo‘lganidan so‘ng deyarli har doim o‘lim bilan yakunlanadi.
Aynan shuning uchun ham bu kasallik yuzasidan tarmoqda e’lon qilinayotgan har qanday ma’lumotlar jiddiy va ishonchli manbaga asoslangan bo‘lishi kerak. Jizzaxdagi 8-sinf o‘quvchisining quturganlikdan vafot etgani haqidagi xabar rasmiylar tomonidan inkor etildi. Viloyatdagi epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lib, so‘nggi yillarda bunday kasallik qayd etilmagan. Bu holat esa yana bir bor eslatadi: sog‘liq va xavfsizlik bilan bog‘liq har qanday xabarni ijtimoiy tarmoqdagi videolardan emas, rasmiy idoralar, shifokorlar va ishonchli OAVdan olish zarur.
Agar sizni hayvon chaqqan yoki tirnagan bo‘lsa — vaqtni boy bermasdan eng yaqin tibbiy muassasaga murojaat qiling.
Muxitdinova Sevinch


