Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri mahallalarida ichimlik suvni isrof qilayotganlarni aniqlash uchun dron uchirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarda "Dron yordamida ichimlik suv bilan tomorqa sug‘orayotganlar, mashina yuvayotganlar tekshirilayotgani" qayd qilingan.
"Toshkent shahar IIBB tomonidan bunday turdagi huquqbuzarliklarni qayd etish maqsadida hech qanday dron uchirilmayapti", deya ma'lumot bergan Toshkent shahar IIBB axborot xizmati rahbari Nilufar Madiyeva.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 261-moddasiga ko‘ra, suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzganlik holati uchun tegishli Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan chora ko‘riladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati tomonidan ham hech qanday dronlar uchirilmagani takidlandi.
Factchecker.uz nashri muxbirlari masalaga to‘liq oydinlik kiritish uchun “O‘ZSUVTA’MINOT” AJ axborot xizmati bilan bog‘lanishdi. Tashkilot axborot xizmatining ma'lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda nazarda tutilayotgan dron Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan yer nazorati tadbirlari kuchaytirilgan tartibda olib borish maqsadida uchirilgani ma'lum qilindi.
Zamonaviy texnologiyalar, kosmik suratlar va dronlar yordamida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish bilan bog‘liq holatlar, noqonuniy qurilishlar aniqlanib, ularni bartaraf qilish uchun Yunusobod tumanining "Mirzo Ulug‘bek" hamda "Husniobo" mahallalari hududida oʻtkazilgan yer nazorati tadbirlarida yer qonunbuzilish holatlari dronlar yordamida aniqlangan. Bu haqida Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi o‘zining Telegramdagi rasmiy kanalida ma'lumot bergan.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 74-moddasiga ko‘ra, tabiiy suv oqimlari, suv havzalari va boshqa tabiiy suv obektlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini, suv olish limitlarini buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Sun’iy suv oqimlari, suv havzalari hamda boshqa sun’iy suv obektlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzganlik, ya’ni suvdan xo‘jasizlarcha foydalanganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanadi.
Agar ushbu huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Factchecker.uz xulosasi: yolg'on
Comments