O‘zbekiston telekanallardagi realiti-shoularning aksariyati bitta, yaʼni “kelin” mavzusi atrofida o‘ralashib qolayotgani ajablanarli hol. Ko‘pchilikning nazarida “dolzarb” bo‘lgan mazkur masalaga har bir telekanal turlicha yondoshadi. Eng qizig‘i, ushbu loyihalarning barchasida bo‘lajak kelinlar itoatkorlikka, sabrli bo‘lishga, hammaning ko‘nglini olishga o‘rgatiladi.
“Epli kelin — sepli kelin”
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tasarrufiga kiruvchi “Mahalla” telekanali 2019 yili mart oyi “Epli kelin” teleloyihasini boshlagan edi (muallif Gulmira Ziyoyeva). Bir yil ichida teleloyihaning 4 ta mavsumi bo‘lib o‘tdi. Boshlovchi Maftuna Ashurova loyiha haqida gapirar ekan, qatnashuvchi qizlar birinchi galda kelinlik maktabida o‘qishlari zarurligini taʼkidlaydi.
Teleloyiha esa aynan ana shu maktabni yaratadi. Unda 7 nafar tanlab olingan qizlar uy tutish, kir yuvish, ovqat, shirinliklar pishirishdan tortib, tikish-bichishgacha bilishlari zarur. “Kelinlik maktabi”ga o‘qituvchilar esa turli xil o‘quv kurslaridan taklif etiladi. Ammo ana shu o‘qituvchilar amaliy mashg‘ulot bilan birga, nazarimda, qatnashchi qizlarga tobelikni, “ikkinchi nav odamligini” singdirishadi. Masalan, realiti-shouning 2019 yil 22 sentyabr sonida qizlarga “qaynonaga qiz bo‘lish mumkin emas”, degan gap uqtiriladi. “Qiz o‘rniga sakrab ketishni maqsad qilmang” deyiladi, yaʼni nafaqat qatnashchilar, balki millionlab tomoshabinlarga “kelin hech qachon tushgan joyiga qiz bo‘lmaydi, u kelinligicha qoladi. Kelin esa – xizmatkor, barcha oila aʼzolariga xizmat ko‘rsatishi lozim, ular bilan teng huquqli emas”, degan tushuncha beriladi.
2-mavsumdan boshlab realiti shouni boshlovchi Diyora Shermatova olib bordi. Realiti shouni kuzatgan tomoshabin boshlovchilarning o‘rnini unchalik sezmaydi, ularning asosiy vazifasi qizlarni u shartdan bu shartga yetaklash bo‘lib qolgan, xolos. 2020 yil fevraldan realiti shouning 4-mavsumi start olib, ko‘rsatuvlarda ilk marotaba qizlar bouling o‘ynashga olib borildi, qo‘shilgan yangi darslarda esa qizlarga “Xo‘p bo‘ladi, oyijon”, “sizning gapingiz to‘g‘ri, oyijon”, “kechirasiz, oyijon” degan so‘zlarni bilib olsangiz, yaxshi yashaysiz”, deya saboq berildi va yuqorida tilga olingan tobelik targ‘ib etildi. Demakki, loyiha ijodkorlari tasavvurida xonadonga kelin bo‘lib tushgan qiz mutlaq tobe, haq bo‘lsa ham nohaq, o‘z huquqini umuman himoya olmaydigan mute bir shaxs bo‘lmog‘i lozim. Shu o‘rinda beixtiyor askiyachi Avaz Oxunning “Xonadoningizga qulchilikka keldik, deb aldayli sovchilar. Qizni kelin qilib olib borib, qul qilib ishlatasizlarku!” – degan bir qaraganda kulguli, lekin juda achchiq-azobli so‘zlari yodga tushadi.
Tobe kelin “g‘olib”likka daʼvogar
Mazkur mavzuni “Sevimli” telekanali ham davom ettirmoqda. “Kelgindi kelin” deb nomlangan realiti shou teletomoshabinlar ichida ommabopligi bilan ajralib turadi. Teleloyiha Qirg‘izistonda 2017 yilda namoyish etilgan “Kelin” realiti shousi bilan juda o‘xshash. Uning g‘oyasiga ko‘ra, turli kasb egalari bo‘lgan, shaharda tug‘ilib o‘sgan, bugungi kunda jamiyatda o‘z o‘rnini topgan qizlar, ayollar qishloqqa borib, bir kunlik kelinlik vazifasini o‘taydilar: non yopish, o‘t o‘rish, tappi yasash, chopiq qilish, ovqat pishirish, kir yuvish, molga qarash va hokazo. Hammasini uddasidan chiqib, bajargan qatnashchiga “kelgindi kelin” unvoni beriladi. Bir tomondan realiti shou qishloq ayolining og‘ir mehnatini ko‘rsatib bersa, ikkinchi tomonidan yana yuqorida tilga olingan “Epli kelin”dagidek, kelin hamma narsani bajarishi, qishloqdagi qaynonasining “so‘zidan chiqmasligi kerak” degan tushunchani tomoshabinlar auditoriyasi ongiga singdiradi.
Faqat shundagina kelin “g‘olib” bo‘ladi. Ammo, aslida tobe kelin g‘olibmi? Teleloyiha ijodkorlari mavzuga faqatgina bir tomonlama yondoshishgan. Mamlakatimizda bir tomondan xotin-qizlarning huquqlari, ular jamiyatda o‘rnini topishi uchun harakat qilinayotgan bir paytda OAV jamiyatdagi mavjud “kelin-xizmatkor” kabi qotib qolgan tushunchaga asoslanib, ularni yana-da mustahkamlashga harakat qilayotir. Bu jurnalistlarning mazkur masalani chuqur bilmasligi, asrlar davomida ongimizda shakllangan kelinlarga nisbatan mazkur qoliplardan keta olmayotgani, muammoni tahlil etishga qodir emasligida ko‘rinadi.
Qaynona -“general”, kelin -xizmatkor
“Sevimli” telekanalining yana bir o‘xshash loyihasi bo‘lgan “Mening qaynonam general” realiti shousining g‘oyasi Amerikaning “Bosh oshpazlar jangi” ko‘rsatuvi mazmuniga juda yaqin. Faqat u yerda restoranlarning bosh oshpazlari “Mishlen yulduzi” uchun kurashishsa, bu yerda qaynona va kelinlar telekanal tomonidan qo‘yilgan sovrin-muzlatkich uchun kurashishadi. Teleloyihaning mazmuni shundaki, 5 nafar qaynona kelini bilan, oldindan tuzilgan retseptlar va ko‘rsatuv ijodkorlari tomonidan tarqatilgan 200 ming pulga bozorlik qilishadi. So‘ngra 10 nafar qatnashchi va 2 boshlovchi — Nigora Ismoilova va Muhabbat Hamroyevalar uchun 3 soat davomia qaynona nazoratida 3 xil ovqat pishirishlari zarur. Har bir tortilgan taomga qatnashchilar baho qo‘yishadi.
Ko‘rsatuv boshida aytilishicha, asosiy maqsad -kelin tayyorlagan taom ham qaynonani, ham barcha ishtirokchilarni lol qoldirishi kerak. Shouda tejamkorlik (ajratilgan 200 ming so‘mga, uni iloji boricha tejab, 3 xil ovqat masallig‘i uchun bozor qilish), ovqat pishirish sanʼati asosiy mavzudir. Aslida realiti shouning asosiy maqsadi biroz tushunarsiz. Faqat kelinini boshida turib ovqat pishirtirish va tejamkorlikni nazorat qilish orqali qaynonalar “general” maqomiga erishishi mumkinmi? Realiti shouning birinchi mavsumida olib borilgan ovqat pishirish “jangi” hamda baho qo‘yishda ishtirokchilar asosan raqibini yerga urishdi.
Youtube ijtimoiy tarmog‘iga qo‘yilgan mavsum sonlariga teletomoshabinlarning izohlarida asosan uning mazmuniga eʼtibor bermay, ko‘rsatuvda pishirilayotgan taomlarning retseptlarini so‘rashgan. Realiti shou davomida kelinlarning chaqqon bo‘lishi, barcha uy yumushlariga o‘z vaqtida ulgurishlari, qaynonalarining so‘zidan chiqmasligi zarurligi orqaligina “ideal kelin” obrazi shakllantirib borildi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, aynan ana shunday realiti shoular jamiyatda tobora keskinlashib borayotgan qaynona-kelin munosabatlarida yangi ziddiyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmaydimi? Kelinning oila aʼzosi sifatida haq-huquqlari, dam olishi, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanishi, inson sifatida rivojlanishi, kasbiy jihatdan o‘z ustida ishlashi borasidagi masalalar, afsuski ko‘rsatuvlarda umuman ko‘tarilmaydi. Oilada o‘g‘ilning o‘rni, uning tarbiyasi, kuyovning ayoliga nisbatan munosabati qanday bo‘lishi lozimligi, bola tarbiyasida ota-onaning o‘rni haqida deyarli so‘z yuritilmaydi. Shu jihati bilan bu ko‘rsatuvlar oilaga tayyorlashni maqsad qilgan va faqat bichish-tikish, pishir-kuydirni o‘rgatadigan o‘quv kurslarining televizion varianti bo‘lib qolgan. Vaholanki, katta shaharlarimizdan farqli ravishda qishloq joylarida qizlarimiz hech qanaqa kurslarda o‘qimay ham ana shu ishlarni o‘rniga qo‘yishni onajon va buvijonlardan o‘rganishadi. Lekin shaharda ham, qishloqda ham, o‘sha o‘quv kurslari va televizion realiti shoularda ham oila psixologiyasi: turli ziddiyatli vaziyatlarda o‘zini qanday tutish, ulardan “sixni ham, kabobni ham kuydirmay” chiqib ketish kabilar o‘rgatilmaydi. Mazkur realiti shoularda xuddi bizning xalqimizni ovqatu, kiyim-kechakdan boshqa narsa qiziqtirmaydiganday ko‘rinadi.
Mazkur realiti shoularning saviyasi bugungi kun talablariga javob bermaydi. Jamiyatda ayollarimizni ulug‘lash, ularni ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topish uchun faoliyat olib borilayotgan bir paytda auditoriyaning bu boradagi fikrlarini , dunyoqarashini mustahkamlash o‘rniga, uni orqaga tortayotgani sir emas. Mute, tobe, o‘z huquqini bilmaydigan va talab etmaydigan, qaram, o‘zining fikri yo‘q kelinlar kelgusida farzandlarini ham ona sifatida xuddi shunday mute qilib tarbiyalashlari hayot tajribasida isbotlangan. Afsuski, tilga olingan realiti shoularda, qizlarning bo‘lajak ona sifatida bilimini, ijtimoiy faolligini oshirish ko‘rinmaydi. Ularda ayollarimiz yana qaysi sifatlar bilan jozibali bo‘lishi, ularni qanday muammolar bezovta qilayotgani, oila, ish, uydan tashqari yana qanday qiziqishlari mavjudligi tilga olinmaydi.
Tabiyki, bunday ko‘rsatuvlar jamiyatdagi mavjud qaynona-kelin, er-xotin o‘rtasidagi munosabatlar, ayolning oiladagi ikkinchi, baʼzida uchinchi darajali o‘rni haqidagi shakllangan tushunchalarni yana-da mustahkamlab, oilalarda maishiy zo‘ravonlik, ajralish hollarini ko‘payishiga olib kelishga yetaklayotgan asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Nargis QOSIMOVA
Commentaires