Bugun O‘zbekistonda 30 dan ortiq telekanal faoliyat yuritadi. Mamlakat aholisining aksariyat qismi o‘z vaqtini ijtimoiy tarmoqlar bilan bir qatorda, televideniye qarshisida o‘tkazishi ham hech kimga sir emas.
2013 yilning oktyabrida “texnik sabablar”ga ko‘ra efirga chiqmay qo‘ygan NTT oilaviy telekanali efirga 2014 yili “Sevimli” nomi bilan qaytgan edi. «Kantar Media» kompaniyasining 2019 yilda eʼlon qilgan maʼlumotlariga ko‘ra, milliy kanallar ichida 3,38 foiz to‘plagan “Sevimli” telekanali yetakchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni 2,78 foiz auditoriya to‘play olgan “Zo‘rTV” telekanali egallagan.
“Sevimli” telekanalining asosiy auditoriyasi — 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholi. Anchagina shov-shuvga sabab bo‘lgan va ko‘pchilikning eʼtiboriga tushgan “Zirapcha”, «Mening Qaynonam General», «Eslab, eslab…» teledasturlari juda katta teletomoshabinlar auditoriyasini yig‘adi. Ammo mazkur dasturlarning aksariyati Rossiya teleijodkorlari tomonidan yaratilgan dasturlarning g‘oyasi bilan deyarli bir xilligi, tabiiyki, o‘zbek teletomoshabinlarini tashvishga solayotgani yo‘q.
Aslida, xalqaro huquqda har bir intellektual mulk himoya ostidadir. Bizning misolimizda olib qaraydigan bo‘lsak, qaysidir davlatda ommalashgan ko‘rsatuv yoki shouni boshqa mamlakatda muqobilini yaratish uchun asl g‘oya mualliflari bilan bitim tuzilishi shart. Shulardan eng asosiysi franchayzing hisoblanadi.
Franchayzing (yoki franshiza) deb, savdo belgisini yoki firma texnologiyalarini (tashkiliy usullarni) boshqa tadbirkorga sotish yoki vaqtinchalik foydalanishga berishga aytiladi. Savdo belgisi yoki texnologiya egasi franchayzer deb ataladi. Franchayzerga tegishli bo‘lgan huquqlardan foydalanish imkoniyatini sotib oluvchi shaxs franchayzi deb ataladi. Ushbu jarayonda franchayzer tomonidan franchayziga taqdim etiladigan huquqlar majmuasi, ko‘p hollarda, franshiza deb ataladi.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga binoan faqat tijorat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar franshiza shartnomasi ishtirokchilari bo‘lishlari mumkin.
Franchayzing maʼnosi — muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan biznesni ko‘paytirish orqali tarqatish, yaʼni amalda har tomonlama tekshirilgan, ishini muvaffaqiyatli olib borayotgan korxona imidj va texnologiyalarini o‘zlashtirishdan iborat. Franchayzer franchayziga pulli asosda o‘z nomi, ish uslubi, nou-xau, tajriba, bilim, ishlab chiqarish va boshqarish texnologiyalaridan foydalanish huquqini beradi. O‘zbekistonda franchayzing munosabatlarini tartibga soluvchi asosiy hujjat Fuqarolik Kodeksi, xususan uning 50 bobi (franchayzing) hamda 59, 62, 64, 65 boblari (intellektual mulk) hisoblanadi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonuni bor. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Intellektual mulk agentligi faoliyati tashkil etilgan. Shunga qaramay, milliy telekanallarimizdagi ko‘chirmakashlik hanuz ochiqcha davom etmoqda. Xususan, “Zirapcha” realiti shousi Rossiyaning “Pyatnitsa” telekanalidagi “Patsanki” bilan deyarli bir xil bo‘lib, uning g‘oyasi yo‘ldan adashgan “ko‘cha” qizlarini to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, tarbiyalash, o‘z hayotini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan qizlarga yordam berishdan iborat. Realiti shouda cheklov yo‘q.
Dasturda urush, janjallar, haqoratlar ochiq beriladi, xattoki qizlarni tanlab olish jarayonlari (kasting)ning qoidalari ham Rossiyaniki bilan bir xil. Aytish joizki, Rossiya telekanali “Patsanki” realiti shousini efirga qo‘yishdan oldin Britaniyadagi «Bo‘ysunmaslarni jilovlash» teleshousidan uning g‘oyasiga mualliflik huquqini sotib olgan edi. Shu bilan birga, farzand tarbiyasi bilan bog‘liq «Ideal ona» realiti-shousi Rossiyaning “Subbota” telekanalida efirga uzatilgan «Moya prekrasnaya mama», STS kanalidagi «Super mamochka» realiti-shoulari bilan juda o‘xshash. «Tushlik vaqti» teledasturi Rossiyaning “Perviy” kanalida berilgan «Vremya obedat» dasturi bilan aynan o‘xshashligi ham mutaxassislarni taajjubga solishi shubhasiz. G‘oyani o‘g‘irlagan “Sevimli” ijodkorlari hattoki dastur nomini biroz o‘zgartirishga ham urinib ko‘rmagan.
Bu borada Milliy TV telekanali ham “Sevimli”dan qolishmaydi. Masalan, telekanalda kechki payt beriladigan MTV Show ko‘ngilochar ko‘rsatuvi Rossiyaning “Perviy” telekanalidagi “Vecherniy Urgant”ga juda ham o‘xshash. Ikkalasida ham boshlovchilar ko‘rsatuvga taklif qilingan mehmonlar bilan dolzarb muammolar haqida suhbatlashish jarayonida hazil va improvizatsiya qilishadi. Ko‘rsatuvlar studiyalarining bezatilishi bir-biriga o‘xshash bo‘lib, ikkalasi ham musiqa bilan boshlanadi. MTV Show har hafta dushanbadan jumagacha soat 21:00 da efirga uzatiladi.
«Vecherniy Urgant» teleloyihasining o‘zi ham aslida original emas. U AQSHning Late Night Show teleshousining rus auditoriyasiga moslashtirilgan varianti desak, adashmaymiz. Rus muqobilining boshlovchisi Ivan Urgant teleloyiha ishga tushirilganiga qadar atayin AQSHga borib, ko‘rsatuv ijodkorlari bilan suhbatlashgan, o‘z loyihasiga biroz yangilik kiritishga harakat qilgan edi. «Vecherniy Urgant» efirga 2012 yil 16-apreldan buyon uzatilib, teletomoshabinlar uni avvalroq efir yuzini ko‘rgan «Dobriy vecher s Igorem Ugolnikovim» teleshousiga o‘xshatishgan edi. O‘z navbatida, teleshouga amerikaliklar tomonidan mualliflik huquqi sotilgan.
«Amirxon Umarov shousi» o‘z tuzilishi va olib borish uslubigacha 2017 yilgacha rossiyalik mashhur shoumen Andrey Malaxov olib borgan «Pust govoryat» tok shousiga juda o‘xshab ketadi. Ikkalasida ham biron bir mavzu tanlanib, taklif qilingan ekspertlar o‘z fikrlarini bildirishadi. «Amirxon Umarov shousi» ham “Pust govoryat”ga o‘xshab, teletomoshabinlar tomonidan aksariyat holatda tanqidga uchraydi. Xatto Amirxon Umarov teleshouni olib borishda ham Andrey Malaxovning xatti-harakatlari, xayrlashish uslubini aynan ko‘chirgan, nazarimizda.
So‘nggi paytlari teletomoshabinlar tomonidan turli xil fikrlarga, ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalarga sabab bo‘layotgan ZO‘R TV telekanalidagi Muhabbat Xamroyeva boshlovchiligida olib borilayotgan “Yor-yor” ko‘rsatuvi Rossiyanig “Perviy” telekanalida Larisa Guzeyeva boshlovchiligida efirga chiqadigan «Davay pojenimsya!» tok shousi bilan deyarli bir xil. Ikkala ko‘rsatuvda ham kuyov kelinlikka uchta nomzod bilan uchrashib, “sovchi”larning tahlili asosida birini tanlaydi. Mazkur ko‘rsatuv efir yuzini ko‘rgach, juda ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lib, aksariyat teletomoshabinlar ” …Bu endi bizning millatimizga, o‘zbek xalqiga, urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizga mutlaqo yot narsa. Bizning qizlarimiz yoki yigitlarimiz dunyo dunyo bo‘libdiki, «menga er kerak» yoki «menga xotin kerak» deb ko‘pning oldiga chiqib, o‘zini bozorga solgan emas. Bu ishlar sovchilar orqali, imi-jimida, yaqin qarindoshlar ishtirokida amalga oshirilgan…” qabilidagi eʼtirozlarga sabab bo‘lib kelmoqda.
“Yoshlar” telekanalida bundan bir necha yillar avval ancha mashhur bo‘lgan va hozirda vaqti-vaqti bilan takroran namoyish etib turiladigan “Navo shou”da ham rus teleshousi “Ugaday melodiyu”dan nusxa ko‘chirilgani hech kimga sir emas. 1995 yildan buyon Valdis Pelsh boshlovchiligida efirga chiqayotgan ko‘rsatuvga nafaqat aktyorlar, shou-biznes namoyandalari, balki oddiy fuqarolar ham taklif etilib, qatnashchilar biron bir ashulaning qisqacha fragmentini eshitib, uni topishlari lozim. “Navo shou”ning “Ugaday melodiyu”dan kichik farqi, unga asosan xonandalar, teleboshlovchilar va aktyorlarning taklif etilishidir.
Afsuski, telekanallarimiz orqali efirga uzatilayotgan yangi realiti yoki tok shoularning boshqalari ham originalligi bilan ajralib turmaydi. 2020 yili “Yuksalish” umumilliy harakati tomonidan o‘zbekistonliklar o‘rtasida eng yuqori reytingga ega telekanallarni aniqlash bo‘yicha sotsiologik so‘rovnoma o‘tkazilgan edi. So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, qatnashchilarning 44,5 % milliy telekanallarni ko‘rishlarini aytishgan. Shu bilan birgalikda, 12,5 % qatnashchi telekanallarda original ko‘ngilochar dasturlar va tok shoular, 12,4 % esa realiti-shoular yetishmasligini qayd etgan.
Albatta, bugungi kunda sifatli teleko‘rsatuv, tok shou, realiti shoularni teletomoshabinlarga taqdim etish uchun ijodkorlarning o‘z yo‘nalishlari, original g‘oyalari bo‘lishi lozim. Faqat ko‘proq auditoriya yig‘ishga harakat qilib, xorij telekanallaridan ko‘chirmakashlik bilan shug‘ullanish nafaqat mazkur telekanalning, balki O‘zbekistonning imijiga ham salbiy taʼsir qilishini nahotki teleijodkorlar tushunib yetmasa?
Zero, plagiat deb, birovning asarini ko‘chirib, o‘ziniki qilib olishga aytiladi. Bunday o‘g‘rilik muallif ijozatisiz ilmiy, adabiy, musiqiy yoki badiiy asarni o‘z nomidan to‘la yoki qisman chiqarish, kashfiyot yoki ixtirochilik takliflarini o‘ziniki qilib olishda ko‘zga tashlanadi. Aybdor harakatining ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab, fuqarolik yoki jinoiy tartibda javobgarlikka tortiladi, haqiqiy muallifning huquqi tiklanadi. O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunining «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish usullari» deb nomlangan 65-moddasida muallif, turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzardan zararlar yetkazilishi faktidan qatʼi nazar, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda to‘lanishi lozim bo‘lgan tovonni to‘lashini talab qilishga haqli.
Shuningdek, maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga aʼzolik yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri mamlakatimizda mualliflik huquqiga rioya etish borasidagi ishlarning juda nochor ahvolda ekani bilan ham bog‘liq. Demak, muallifi yoki huquq egasining ruxsatisiz badiiy asarlarni tarjima qilish, musiqalarni yoki ko‘rsatuvlar, kinolar, seriallar g‘oyalarini ochiqchasiga o‘zlashtirish xorijda davlatimiz haqida u qadar ham ijobiy fikrlar shakllanishiga xizmat qilmaydi.
Nargis Qosimova
Comments