Ijtimoiy tarmoqlarda bo‘z echkiemarning go‘shti saraton kasalligiga davo bo‘lishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu haqiqatga qanchalik to‘g‘ri? Insoniyat hali davosini topmagan saraton kasalligini echkiemar go‘shti bilan davolab bo‘ladimi?
Factchecker.uz mazkur xabarni tekshirib ko‘rishga qaror qildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda sudralib yuruvchilarning 64 turi yashaydi. Shulardan biri bo‘z echkiemardir. Sudralib yuruvchilarning 21 (33,9%) tasi kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining kichik ilmiy xodimi, gerpetolog Temur Abduraupovning fikricha, so‘nggi yillarda sudralib yuruvchilarning yashash hududlariga insonning kirib borishi, qurilishlarning avj olishi, yerlarning o‘zlashtirilishi, echkiemar, ilon, kaltakesak oldidagi asossiz qo‘rquv, turli kasalliklarga da’vo sifatida tutish va yeyish ko‘pgina turlarning O‘zbekiston va xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, echkemarlar o‘tgan asrning 1940-80-yillarida ko‘plab ovlanib, terisidan turli poyafzal, kamar, ayol va erkaklar sumkalarini ishlab chiqarilgan. Yoki hozirda Ko‘lvor, O‘rta Osiyo kobrasi yo‘q bo‘lib ketish arafasida. “Kaltakesaklar teriga tegsa, teri oqarishi kasalligi paydo bo‘ladi, Islom dinida ularni o‘ldirish lozim” degan xurofiy qarashlar ham bu jonivorlarning yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Aslida uyimiz devorlarida yashaydigan kichik kaltakesak bir kechada mingga yaqin turli xil yuqumli kasalliklar tarqatuvchi chivinni yeb bitiradi.
Echkiemarlarni qora bozorda go‘shti saratonga da’vo deb sotish va tabiatda ularning qo‘riqlash choralari yetarli darajada emasligi, huquqiy nazoratning zaifligi bo‘z echkiemarlarining noqonuniy ovlanishiga, ularning kamayishiga olib kelmoqda. Zoologiya instituti tomonidan echkiemar go‘shti tekshirib ko‘rilganda, tarkibi oddiy tovuq go‘shtidan deyarli farq qilmasligi aniqlangan. Ammo sudralib yuruvchilarning asosiy ozuqasi kemiruvchilar bo‘lganligi sababli ularning go‘shtidagi aminokislotalar o‘zgachadir va toksikdir.
Go‘shti davoligi aytilib, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatiladigan sudralib yuruvchilarning qora bozorida terisi uchun o‘ldirilib sotilishi holatlari ham anchagina. Mazkur qora bozorlar echkiemarlarning yashash hududlari, asosan Farg‘ona, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida mavjud bo‘lib, Farg‘ona, Namangan, Qashqadaryo viloyatlarining aholisi uni soxta tabiblarning yolg‘oniga ishonib, ko‘plab iste’mol qilgani bois, qolgan hududlardan echkiemarlar ularga yetkazib beriladi. Namangan viloyati Pop tumanida ismi oshkor etilishini istamagan mahalla raisi tumanda echkiemarlar ochiq sotilishi, bir dona tirik echkiemarning narxi bozorda talabga qarab 5 mln. so‘mdan 10 mln. so‘mgacha turishini aytdi. Sudralib yuruvchilar alohida “qora ovchilar”ga buyurtma berilib, olib keltiriladi. Bevosita o‘zlarini echkiemar go‘shti bilan davolaydigan tabib sifatida reklama qiluvchilar, aksariyat holatda bemorga o‘zlaridagi mavjud echkiemar go‘shtini sotib olishni tavsiya etishadi. Xuddi shunday holatni Andijon viloyati Asaka tumanida, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida, Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanlarida ko‘rish mumkin.
Zoologiya instituti tomonidan ularning go‘shti tekshirib ko‘rilganda, tarkibi oddiy tovuq go‘shtidan deyarli farq qilmaydi. Ammo sudralib yuruvchilarning asosiy ozuqasi kemiruvchilar bo‘lganligi sababli ularning go‘shtidagi aminokislotalar o‘zgachadir. Parranda, mol, qo‘y va echki go‘shtini yeb yurgan inson birdaniga tabiblar tavsiyasi bilan echkiemar yoki ilon go‘shtini yesa organizm tanaga kirgan o‘zga go‘sht to‘qimalari va hujayralariga qarshi kurasha boshlaydi. Odamning isitmasi chiqadi. Tabiblar “echkiemar yoki ilon go‘shtini yesangiz qiziysiz” degani uchun bemor yegan go‘shti unga ijobiy ta’sir qilayotganiga ishonadi. Ammo yengillik bir necha soatgina davom etadi, keyin bemorning ahvoli yomonlashadi. Chunki saraton kasalligidagi metastaza jarayoni kuchayadi. Amaliyotda biror insonning echkiemar yoki ilon go‘shti bilan davolanib, sog‘ayib ketgani bo‘yicha aniq fakt yo‘q.
“Parranda, mol, qo‘y va echki go‘shtini yeb yurgan inson birdaniga tabiblar tavsiyasi bilan echkiemar go‘shtini yesa tanaga kirgan o‘zga go‘sht to‘qimalar va hujayralarga qarshi kurasha boshlaydi, оdamning isitmasi chiqadi. Amaliyotda biror insonning echkiemar go‘shti bilan davolanib, sog‘ayib ketgani bo‘yicha aniq fakt yo‘q”, deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor-onkolog Olim Imomov.
Xusniddin Tursunzoda, Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahar «Xo‘jamberdiboy» masjidi imom-xatibi:
-Aksariyat fiqhiy manbalarimizda turli xil yer usti va ostida yashaydigan hasharotlar, sudralib yuruvchilar qatori echkiemar, ilon, tipratikanni ham yeyish harom ekanligi aytilgan. Sababi Alloh taolo pok narsalarni halol qilgan va inson tabiati jirkanadigan narsalarni harom qilgan.
Bu mavzuda Imom Alouddin Abu Bakr ibn Mas’ud Kosoniy Hanafiy Rahmatullohi alayh shunday deydilar: “Alloh taolo: “Ularga jirkanch narsalarni harom qiladi”, – deydi. Qurbaqa, qisqichbaqa, ilon va shunga o‘xshaganlar jirkanch hayvonlardan hisoblanadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan qurbaqaning yog‘ini doriga qo‘shish haqida so‘ralganda, uni o‘ldirishdan qaytardilar. Bu uni yeyishdan qaytarishdir. Rivoyat qilinishicha, u zot alayhissolatu vassalamdan qurbaqa haqida so‘ralganda: “Jirkanch hayvonlardan biri” – deganlar”.(“Badoi’us sanoye’” kitobi).
“Bahrur royiq” nomli kitobda shunday deyiladi:
“Hasan ibn Ali Rahmatullohdan: “Mohir tabib, kasallikni daf qiladi desa, ilon va tipratikan yeyish yoki tarkibida ilon bo‘lgan dori iste’mol qilish halol bo‘ladimi?” deb so‘raldi. U kishi: “Yo‘q, halol bo‘lmaydi”, – deb javob berdilar”. Demak, echkiemar, ilon, tipratikan, qurbaqa sho‘rvalarini ichish halol emas. Kishiga quvvat beradigan, davolaydigan dori-darmonlarni halol narsalar ichidan izlashimiz kerak.
Aholi tomonidan sudralib yuruvchilarning o‘ldirilishi ularga daromad olib kelmaydi. Aksincha ilon, echkiemar yashayotgan hududlarni qo‘riqlash, ularni ko‘paytirish orqali ekoturizmni rivojlantirish mumkin. Tojikistonda amalga oshirilayotgan bunday loyiha ko‘plab sayyohlarni hududga jalb qilib, aholining daromadini o‘sishiga sabab bo‘lmoqda. Chunki qishloqqa olim keladigan bo‘lsa, bir kun turmaydi, balki sudralib yuruvchining hayotini o‘rganish uchun bir nechta hafta hududda qoladi.
Gulnoza Tuxtasinova, Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi axborot xizmatining rahbari:
-Aholi tomonidan echkiemarlarni tijoriy maqsadlarda ovlash holatlari juda ham ko‘p. Aksariyat holatda ularning go‘shtini turli kasalliklarga da’vo sifatida iste’mol qilish uchun yoki tijoriy maqsadlarda tutishadi. Masalan, joriy yilning 19-iyun kuni Farg‘ona viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga jamoatchi fuqarolar tomonidan Quva tumanida bo‘z echkemarni sotmoqchi bo‘lgan fuqaro bilan davlat inspektorlari o‘zlarini xaridor sifatida tanishtirishlari orqali aloqaga chiqib, huquqbuzarni shu kunning o‘zida shaxsi aniqlandi va undan holatga ko‘ra tushuntirish xati olindi. Echkemarni tegishli dalolatnomaga asosan Bioxilma-xillikni asrash va kadastrini yuritish sho‘basi va Yozyovon tuman bo‘limi davlat inspektorlari bilan birgalikda Qo‘shtepa tumanida joylashgan o‘rmon xo‘jaligiga qarashli tabiat yodgorligi cho‘l hududiga olib kelinib, ochiq tabiatga qo‘yib yuborildi.
Ma’lumot o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 649-sonli qarori ilovasiga asosan bo‘z echkiemarni nobud qilganlik uchun hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 34 million so‘mni tashkil etadi. Biz keltirib o‘tgan ushbu ma’lumotga ega bo‘lmagan Qashqadaryo viloyati “Balxiyak” MFY hududida yashovchi fuqaro A.Q. esa o‘z xonadonida 9 ta bo‘z echkiemarini noqonuniy ovlab, yashirib kelgani uchun 51 480 000 so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
O‘zbekiston tabiiy boyliklarga boy mamlakat bo‘lib, uning fauna va flora dunyosi rang-barang va noyobdir. Afsuski, ushbu boyliklar insoniyatning zararli faoliyatlari tufayli xavf ostida. Bo‘z echkiemarlarning yashash hududlarining o‘zlashtirilishi, noqonuniy ovlanishi, xurofiy qarashlar tufayli asossiz o‘ldirilishi O‘zbekistonning tabiiy boyliklari va ekologik barqarorligiga jiddiy zarar yetkazadi. Ushbu muammoni hal qilish uchun keng qamrovli va kompleks yondashuv zarur. Echkiemarlarning tabiiy yashash hududlarini davlat muhofazasiga olish va ularni qo‘riqlash choralarini kuchaytirish, aholinining echkiemarlarning foydasi, xurofiy va yolg‘on qarashlarning asossizligi haqidagi xabardorligini oshirish, iqtisodiy rag‘batlantirish va huquqiy choralarning amalga oshirilishi O‘zbekistonda tobora yo‘qolib borayotgan bo‘z echkiemarlarning populyatsiyasini saqlab qolish va ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini beradi.
Factchecker.uz xulosasi: yolg‘on
Comments